Ochiq model
Open-weight model
Parametrlari internetga joylangan model; uni istalgan odam yuklab olib, oʻz kompyuteri yoki serverida ishlatishi mumkin.
Ochiq modelda kompaniya modelning parametrlar faylini hammaga ochiq joylaydi. Uni yuklab olib, internetga ulanmagan kompyuterda ham ishlatsa boʻladi. Shunda yozganlaringiz hech qayerga ketmaydi. Koʻpincha ancha arzon ham tushadi.
Mashhur ochiq modellar: DeepSeek, Qwen, Kimi, GLM, Googleʼning Gemmaʼsi, Fransiyaning Mistralʼi, Metaʼning Llamaʼsi. Bugun eng kuchli ochiq modellar asosan Xitoydan chiqmoqda.
Oʻxshatish: yopiq model restorandagi taom boʻlsa, ochiq model bozordan olingan masalliq. Uyda oʻzingiz pishirasiz, taʼmini oʻzingizga moslaysiz, oshxonangizga hech kim kirmaydi. Faqat qozon va oʻchoq, yaʼni kuchli kompyuter sizdan.
Misol: kompaniyalar ochiq modelni olib, oʻz ishiga moslab qoʻshimcha oʻqitadi. Shuning uchun bitta ochiq modelning yuzlab "farzandlari" bor.
Ikki xato tushuncha bor:
- "Ochiq" degani "hammasi ochiq" emas. Koʻpincha faqat parametrlar ochiq, oʻqitish maʼlumotlari va usullari esa yopiq. Shuning uchun inglizchada ularni open-weight deyishadi. Litsenziyalar ham har xil: baʼzilari deyarli hamma narsaga ruxsat beradi, baʼzilarida cheklovlar bor.
- "Ochiq model kuchsiz". Yoʻq, eng yaxshilari eng zoʻr yopiq modellardan atigi bir necha oy orqada.